O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI
OLIY TA’LIM TIZIMIDA DUAL TA’LIMNI TASHKIL ETISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2023-yil 12-iyundagi PF-93-son Farmoni hamda “Chirchiq shahrida qishloq xo‘jaligi mashinasozligi klasterini tashkil etishni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 28-iyuldagi PQ-335-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi: 1. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tizimida bosqichma-bosqich dual ta’lim asosida o‘qitishni yo‘lga qo‘yish, shu jumladan, “Kasb egasi” dual ta’lim tizimini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin. 2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oliy ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin: dual ta’lim shakli joriy etiladigan oliy ta’lim tashkilotlarini tizimida oliy ta’lim tashkilotlari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan belgilash; dual ta’limning nazariy va amaliy qismi muddatlarini hamkor korxona va tashkilotlar bilan kelishilgan holda, oliy ta’lim tashkiloti tomonidan belgilash; ta’lim jarayonining nazariy qismidagi talabalar ishtirokini oliy ta’lim tashkilotida tegishli professor-o‘qituvchi, ishlab chiqarish bilan bog‘liq amaliy qismidagi ishtirokini esa korxonadan biriktirilgan amaliyot rahbari (ustoz) tomonidan muvofiqlashtirib borish; oliy ta’limda “Kasb egasi” dual ta’lim tizimini tashkil etish tartibini belgilash. 3. Belgilansinki: “Kasb egasi” dual ta’lim tizimi Savdo-sanoat palatasining onlayn platformasi asosida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining axborot tizimiga integratsiya qilingan holda tashkil etiladi; 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab “Kasb egasi” dual ta’lim tizimi birinchi bosqichda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining 3 va 4-kurs talabalari uchun joriy qilinadi; korxonada bo‘lib o‘tadigan amaliy mashg‘ulotlar dasturi oliy ta’lim tashkiloti tomonidan korxona va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi; “Kasb egasi” dual ta’lim tizimida ta’lim jarayonini bevosita korxonalarda amalga oshirgan talabalar uchun (yo‘llanma asosida) korxona tomonidan hisoblanadigan ish haqining 2 million so‘mgacha bo‘lgan qismi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har oy uchun qoplab beriladi. Bunda ish haqini Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan qoplash uchun ajratiladigan mablag‘lar tegishli korxonaning alohida hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. 4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari: har yili 1-fevralga qadar dual ta’lim tashkil etiladigan korxonalar, ta’lim yo‘nalishlari va oliy ta’lim tashkilotlari bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasiga takliflar kiritsin; hududdagi oliy ta’lim tashkilotlariga dual ta’lim tizimini tashkil etishda tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashsin. 5. Davlat oliy ta’lim tashkilotlarining dual ta’lim shakli bo‘yicha qabul parametrlariga takliflar belgilangan tartibga muvofiq tasdiqlanadi. 6. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, tizimida oliy ta’lim tashkilotlari bo‘lgan vazirliklar va idoralar:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda dual ta’lim jarayonlarini tashkil etish yuzasidan hududdagi yirik ish beruvchilar, klasterlar va oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashsin; dual ta’lim tashkil etiladigan oliy ta’lim tashkilotida o‘quv-metodik hujjatlar, shuningdek, o‘quv jarayoni jadvali tasdiqlanishini ta’minlasin; talabalarni belgilangan muddatlarda oliy ta’lim tashkilotidagi o‘quv jarayonida ishtirok etishini va korxonalarda amaliy mashg‘ulotlar bilan birga faoliyat yuritish choralarini ko‘rsin; oliy ta’lim tashkilotlarida dual ta’lim jarayoni tashkil etilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatsin. 7. Savdo-sanoat palatasi: a) Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, tizimida oliy ta’lim tashkilotlari bo‘lgan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan korxonalarda har yili kamida bir marta dual ta’lim dasturlari bo‘yicha talabalar ishtirokida targ‘ibot uchrashuvlari o‘tkazilishini ta’minlasin; b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda: har yili 1-iyunga qadar dual ta’lim shaklida talabalarni qabul qiladigan korxonalar imkoniyatlarini o‘rganish va dual ta’lim tashkil qilinadigan korxonalar ro‘yxatini e’lon qilsin; har yili 1-sentabrga qadar dual ta’lim shaklida o‘qishga qabul qilingan talabalarni dual ta’lim tashkil qilinadigan korxonalarga biriktirish bo‘yicha korxona, talaba va oliy ta’lim tashkiloti o‘rtasida shartnoma imzolanishini tashkil etsin; dual ta’lim tashkil qilingan korxonalarda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlarning doimiy monitoringini yuritsin. 8. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi uch oy muddatda mehnat qonunchiligiga dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalarning faoliyatini tartibga solish, shu jumladan, talabalar va biriktirilgan amaliyot rahbari (ustoz)ning maqomi hamda ish vaqti davomiyligini belgilashga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 9. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin. 10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov zimmasiga yuklansin. O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV Toshkent sh., 2025-yil 16-yanvar, 14-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-yanvardagi 14-son qaroriga ILOVA Oliy ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risida NIZOM 1-bob. Umumiy qoidalar 1. Mazkur Nizom oliy ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish tartibini belgilaydi. Ushbu Nizom: a) O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Bank-moliya akademiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim tashkilotlari hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining filiallariga nisbatan tatbiq etilmaydi; oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim tashkilotlari hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining filiallari dual ta’limni ushbu Nizom asosida ishlab chiqilgan hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan tartibga muvofiq amalga oshirishi mumkin; b) nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari uchun tavsiyaviy tusga ega hisoblanadi. 2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi: dual ta’lim — nazariy qismi oliy ta’lim tashkilotida, amaliy qismi esa korxonada (ish joyida) o‘tkaziladigan ta’lim jarayoni; dual ta’lim dasturi — oliy ta’lim tashkiloti va korxonada talabaning muayyan ta’lim yo‘nalishi (mutaxassislik) bo‘yicha bilim olishi hamda uning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan o‘quv rejasi, o‘quv dastur (modul)lari, o‘quv va ishlab chiqarish amaliyoti dasturlaridan iborat hujjatlar to‘plami; dual ta’lim asosida o‘qitish — talabalar o‘quv mashg‘ulotlarini bir haftada, qoida tariqasida, kamida ikki kun ta’lim dasturining nazariy qismini oliy ta’lim tashkilotida, qolgan kunlari ishlab chiqarish bilan bog‘liq amaliy qismlarini korxonada o‘tkazishlarini nazarda tutuvchi o‘qitish usuli; “Kasb egasi” dual ta’lim tizimi — nazariy qismi oliy ta’lim tashkilotida, amaliy qismi esa yo‘llanma asosida ish joyida o‘tkaziladigan hamda korxona tomonidan ish haqi to‘lanadigan ta’lim jarayoni; o‘quv rejasi — o‘quv jarayonining barcha tarkibiy qismlari va o‘qitiladigan o‘quv fanlarining soatlari miqdori, ketma-ketligi, o‘quv jarayoni jadvali va tinglovchilarni attestatsiyadan o‘tkazish muddatlarini belgilaydigan hujjat; korxona (tashkilot) — oliy ta’lim tashkiloti bilan dual ta’lim asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha shartnoma tuzgan yuridik shaxs; ish joyi — dual ta’limda talabaga korxonaning ichki tartib-qoidalari, tegishli vazifalari hamda ta’lim dasturlariga muvofiq amaliy ko‘nikma va malakalarni egallash uchun belgilangan ish o‘rni; amaliyot rahbari (ustoz) — ta’lim jarayonining ishlab chiqarish bilan bog‘liq amaliy qismini o‘tkazish uchun korxona tomonidan talaba(lar)ga biriktirilgan mas’ul xodim; shartnoma — korxona, oliy ta’lim tashkiloti va talaba o‘rtasida dual ta’limni amalga oshirish uchun tuzilgan uch tomonlama bitim. 3. Dual ta’lim shakli joriy etiladigan oliy ta’lim tashkilotlari tizimida oliy ta’lim tashkilotlari bo‘lgan vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik) hamda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi (keyingi o‘rinlarda — Palata) tomonidan belgilanadi. 4. Dual ta’lim shakli bo‘yicha tahsil olayotgan talaba biriktirilgan korxona faoliyati tugatilganda dual ta’lim shakli bo‘yicha talabaning o‘qishini davom ettirish yuzasidan boshqa
korxona bilan shartnoma imzolanishi yoki talabaning o‘qishi mos ta’lim yo‘nalishi (mutaxassislik) bo‘yicha kunduzgi, kechki, sirtqi yoki masofaviy ta’lim shakliga o‘tkazilishi mumkin. Qolgan holatlarda talabalar o‘qishi belgilangan tartibga muvofiq ko‘chiriladi. 2-bob. Dual ta’limning maqsadi va asosiy vazifalari 5. Dual ta’limning maqsadi quyidagilardan iborat: talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash; talabalarda ta’lim olayotgan ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish; talabalar uchun tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, korxonalarda ishlab chiqarish (shuningdek, tashkiliy-boshqaruv) faoliyatiga oid tajribalarni o‘rganishni tashkil etish; talabalarning kasbiy va ijodiy qiziqishlarini rivojlantirish; bitiruvchilarning zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan ishlashi uchun zarur amaliy ko‘nikma va malakalarga ega bo‘lishini ta’minlash; oliy ta’lim tashkiloti va korxonada o‘qitish, shuningdek, oliy ta’lim tashkilotining o‘quv jarayoniga yangi o‘qitish texnologiyalarini joriy etish orqali talabalarning raqobatbardoshligini oshirish. 6. Dual ta’limning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: mehnat bozori ehtiyojlariga, iqtisodiyot tarmoqlarini va rivojlanish istiqbollariga mos ravishda mutaxassislar tayyorlash; ijtimoiy sheriklikni takomillashtirish; oliy ta’lim tashkilotining ta’lim dasturlari mazmuni va tuzilmasining mobilligini ta’minlash; ishlab chiqarish sharoitidagi kasbiy tajribani o‘rgatish uchun talabalarga yetarli sharoit yaratish; talabalarga o‘qish va ishlash imkoniyatlarini yaratish. 7. Dual ta’lim shakli to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. 3-bob. Dual ta’limni tashkil etish tartibi 8. Oliy ta’lim tizimida dual ta’lim ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema asosida tashkil etiladi. 9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yili 1-fevralga qadar dual ta’lim tashkil etiladigan korxonalar, ta’lim yo‘nalishlari va oliy ta’lim tashkilotlari bo‘yicha Vazirlikka hamda Palataga takliflar kiritadi. 10. Davlat oliy ta’lim tashkilotlarining dual ta’lim shakli bo‘yicha qabul parametrlari belgilangan tartibga muvofiq tasdiqlanadi. 11. Palata Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda: har yili 1-iyunga qadar dual ta’lim shaklida talabalarni qabul qiladigan korxonalar imkoniyatlarini o‘rganadi va dual ta’lim tashkil qilinishi mumkin bo‘lgan korxonalar ro‘yxatini e’lon qiladi; har yili 1-sentabrga qadar dual ta’lim shaklida o‘qishga qabul qilingan talabalarni dual ta’lim tashkil qilinadigan korxonalarga biriktirish bo‘yicha korxona, talaba va oliy ta’lim tashkiloti o‘rtasida shartnomalar imzolanishini tashkil etadi; dual ta’lim tashkil qilingan korxonalarda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlarning doimiy monitoringini yuritadi. 12. Davlat oliy ta’lim tashkilotlariga dual ta’lim shakli bo‘yicha talabalar o‘qishga oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq qabul qilinadi. 13. Dual ta’limni tashkil qilish quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi: dual ta’lim shakli asosida oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlashga bo‘lgan talab va takliflarni o‘rganish; dual ta’lim tashkil etiladigan korxonalar va oliy ta’lim tashkilotlari ro‘yxatini shakllantirish;
dual ta’lim tashkil etiladigan oliy ta’lim tashkilotlari va ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklar) ro‘yxatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar va idoralarning iqtisodiyot tarmoqlarida oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlaridan kelib chiqib shakllantirish; dual ta’lim dasturlarini ishlab chiqish; korxona, oliy ta’lim tashkiloti va talaba o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuzish; korxonalarda kafedra filiallarini tashkil etish; talabalarni dual ta’lim shakli bo‘yicha o‘qishga qabul qilish; dual ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish. 14. Dual ta’lim dasturi belgilangan tartibda tasdiqlangan malaka talablari asosida oliy ta’lim tashkiloti tomonidan korxona bilan hamkorlikda o‘quv jarayoni boshlanishidan kamida bir oy oldin ishlab chiqiladi. 15. Dual ta’limni joriy etish bo‘yicha korxona, oliy ta’lim tashkiloti hamda talaba o‘rtasida rasmiylashtiriladigan shartnomalarning namunasi Vazirlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. 16. Oliy ta’lim tashkilotlari dual ta’lim tashkil qilinayotgan korxonalarda tegishli mutaxassislik bo‘yicha kafedra filiallarini tashkil etadi. 17. Dual ta’limning nazariy va amaliy qismi muddatlari hamkor korxona va tashkilotlar bilan kelishilgan holda, oliy ta’lim tashkiloti tomonidan belgilanadi. O‘quv rejasida talabalarning oliy ta’lim tashkilotida ta’lim dasturining nazariy va amaliy qismini, ishlab chiqarish bilan bog‘liq amaliy qismlarini korxonada o‘tkazishlari nazarda tutiladi. O‘qitishning davomiyligi kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha tegishli ta’lim yo‘nalishlaridan kam bo‘lishiga (ko‘p bo‘lishi mumkin) yo‘l qo‘yilmaydi. 18. Ta’lim yo‘nalishi (mutaxassislik) xususiyatidan kelib chiqib, talabalarni dual ta’lim asosida o‘qitish bir haftada kamida ikki kun ta’lim dasturining nazariy qismini oliy ta’lim tashkilotida, qolgan kunlari esa ishlab chiqarish bilan bog‘liq amaliy qismlarini korxonada o‘tkazish orqali yoki amaliyot shaklida ham tashkil etilishi mumkin. 19. Dual ta’limning nazariy qismi qonunchilik hujjatlariga muvofiq oliy ta’lim tashkilotida har yili sentabr oyining birinchi haftasidan boshlab tashkil etiladi. 20. Korxonaning tegishli buyrug‘i asosida dual ta’lim bo‘yicha talaba(lar)ga tajribali xodimlaridan amaliyot rahbari (ustoz) biriktiriladi. Amaliyot rahbariga (ustozga) korxona tomonidan belgilangan tartibda qo‘shimcha ravishda mehnatga haq to‘lash tartibi joriy etiladi. Amaliyot rahbarining faoliyati korxona tomonidan nazorat qilinadi. 21. Korxona tomonidan talabalarga biriktiriladigan har bir amaliyot rahbariga (ustozga) to‘g‘ri keladigan talabalar va ish o‘rinlari soni texnologik jarayonlarning murakkablik darajasidan kelib chiqib, oliy ta’lim tashkiloti bilan kelishilgan holda belgilanadi. 22. Dual ta’limning amaliy qismi korxonada malakali va tajribali mutaxassislar hamda professor-o‘qituvchilar tomonidan o‘quv yili mobaynida tashkil etiladi. Talabaga dual ta’lim jarayonida korxonadagi faoliyati uchun korxona tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq ish haqi to‘lanadi. 23. Dual ta’lim jarayoni oliy ta’lim tashkiloti tomonidan korxona bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan o‘quv rejasi va o‘quv jarayoni jadvali asosida tashkil etiladi. Talabalarning ta’lim jarayoni nazariy qismidagi ishtiroki oliy ta’lim tashkilotida tegishli professor-o‘qituvchi tomonidan, ishlab chiqarish bilan bog‘liq amaliy qismidagi ishtiroki esa korxonada amaliyot rahbari (ustoz) tomonidan muvofiqlashtirilib boriladi. Korxona talabalarning ishlab chiqarish bilan bog‘liq amaliy qismdagi ishtiroki yuzasidan qo‘shimcha qayd etish hujjatlarini yuritishi mumkin. 24. Oliy ta’lim tashkiloti va korxona talabalarning ishtiroki, o‘zlashtirishi, ichki tartib-qoidalarga rioya etishi kabi masalalarda ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yadi. 25. Talabalarni baholash va yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
26. Vazirlik dual ta’limni tashkil etishda quyidagilarni amalga oshiradi: Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar va idoralar bilan dual ta’lim tashkil qilinadigan korxona va oliy ta’lim tashkilotida ta’lim jarayonini tashkil etish yuzasidan hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi; dual ta’lim jarayonini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi; dual ta’limni tashkil etish bilan bog‘liq o‘quv-metodik ta’minot va normativ-huquqiy bazani mustahkamlash choralarini ko‘radi; oliy ta’lim tashkilotlarida dual ta’limning tashkil etilishi yuzasidan monitoring yuritadi. 4-bob. “Kasb egasi” dual ta’lim tizimini tashkil etish 27. Oliy ta’lim tashkilotlarida “Kasb egasi” dual ta’lim tizimi ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi. 28. “Kasb egasi” dual ta’lim tizimini tashkil etish quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi: Palata tomonidan har yili 1-mayga qadar korxonalarga “Kasb egasi” dual ta’limni tashkil etish bo‘yicha e’lon beriladi; Yagona milliy mehnat tizimi platformasidagi ish beruvchilarning shaxsiy kabineti orqali korxonalarning shtat birligi va bo‘sh ish o‘rinlari Palataning onlayn platformasiga real vaqt rejimida berib boriladi; Palata tomonidan har yili 20-iyunga qadar korxonalarda qo‘shimcha ishchi kuchi va ularning malakasiga bo‘lgan talab shakllantiriladi; shakllantirilgan ish o‘rinlari va malaka talablari to‘g‘risida ma’lumotlar har yili 1-iyulga qadar Palataning onlayn platformasini Vazirlikning axborot tizimiga integratsiya qilish orqali oliy ta’lim tashkilotlari talabalariga yetkaziladi; korxonada bo‘lib o‘tadigan amaliy mashg‘ulotlar dasturi, o‘quv jarayoni jadvali, talabalar soni oliy ta’lim tashkiloti, Palata va korxona tomonidan har yili 15-iyulga qadar platformada tasdiqlanadi; oliy ta’lim tashkiloti har yili 1-avgustga qadar korxonada o‘tkaziladigan amaliy mashg‘ulotlarning tasdiqlangan dasturi asosida ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislik fanlarining o‘quv dasturlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritadi; har yili 25-avgustga qadar oliy ta’lim tashkiloti, korxona va talaba o‘rtasida “Kasb egasi” dual ta’lim tizimini tashkil etish bo‘yicha shartnoma tuziladi; Palataning onlayn platformasi orqali talabalar tomonidan tanlangan ish o‘rinlari bo‘yicha elektron yo‘llanmalar har yili 1-sentabrga qadar tegishli korxonaga yetkaziladi; elektron yo‘llanma asosida ta’lim jarayonini bevosita korxonalarda amalga oshirgan talabalar uchun korxona tomonidan ish haqi hisoblanadi va Palata tomonidan taqdim etilgan talabalar ro‘yxatiga asosan to‘lanadi; korxona tomonidan talabalarga har oy uchun hisoblangan ish haqining 2 million so‘mgacha bo‘lgan qismi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi uchun Palataning onlayn platformasidan ariza beriladi; Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi uch kun muddatda ariza bo‘yicha oliy ta’lim tashkilotiga so‘rov yuboradi. 29. Ish haqining Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan qoplash uchun ajratiladigan mablag‘lar korxonaning alohida hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. Bunda ajratiladigan mablag‘lar korxonadagi mas’ul rahbarning xulosasiga muvofiq oliy ta’lim tashkiloti kengashining qarori asosida qoplab berish uchun tavsiya (o‘n kun muddatda) etiladi. 30. Korxonada o‘tkaziladigan amaliy mashg‘ulotni tashkil etish muddatlari oliy ta’lim tashkiloti va korxona tomonidan kelishilgan holda belgilanadi hamda o‘quv jarayoni jadvaliga belgilangan tartibda kiritiladi. 5-bob. Korxona, oliy ta’lim tashkiloti va talabalarning dual ta’lim tizimini tashkil etish bo‘yicha vazifalari, huquqlari hamda majburiyatlari 31. Korxona:
oliy ta’lim tashkiloti bilan hamkorlikda dual ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, tasdiqlaydi; oliy ta’lim tashkiloti bilan birgalikda talabalarni o‘qishga qabul qilingandan so‘ng 1-sentabrga qadar dual ta’lim bo‘yicha tegishli shartnomalarni rasmiylashtiradi; dual ta’limda o‘qitish muddatlarini hamda tashkilotga yuborilayotgan talabalar tarkibini oliy ta’lim tashkiloti bilan kelishadi; talabalar bilan shartnomalar tuzadi va oliy ta’lim tashkiloti bilan kelishilgan muddatlarda talabalarni qabul qiladi; har bir talabaga dual ta’lim dasturining ishlab chiqarish bilan bog‘liq amaliy qismini o‘rgatish uchun amaliyot rahbarini (ustozni) biriktiradi; biriktirilgan amaliyot rahbari (ustoz) tomonidan dual ta’lim dasturi, lavozim yo‘riqnomalari va majburiyatlarning bajarilishini ta’minlaydi; talabani o‘zlashtirgan mutaxassislik bo‘yicha natijalarini baholash jarayonini tashkil etadi; yakuniy davlat attestatsiyasida qatnashadi. Korxona qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin. 32. Korxona quyidagi huquqlarga ega: mashg‘ulotlarning nazariy qismi o‘qitilishi yuzasidan oliy ta’lim tashkilotiga murojaat qilish; dual ta’lim sifatini oshirish yuzasidan oliy ta’lim tashkilotiga takliflar berish; normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish va ularning loyihalarini ishlab chiqish yuzasidan takliflar berish; bir nechta oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik qilish. Korxona qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin. 33. Korxonaga quyidagi majburiyatlar yuklanadi: mashg‘ulotlarning amaliy qismini korxonada o‘tkazish uchun sharoit yaratish; talabalarni mehnat qonunchiligi asosida ishga qabul qilish; talabalarni korxonada ishlab chiqarish bilan bog‘liq amaliy qismi davrida aniq ish joyi va zarur jihozlar bilan ta’minlash; talabani korxonaning tuzilmasi bo‘yicha barcha bo‘lim funksiyalarini o‘rganish va jarayonda bevosita (dublyor sifatida) ishtirok etishlarini ta’minlash; talabalarni korxona ustavi, ichki tartib-qoidalari, tibbiy (sanitariya), yongin xavfsizligi qoidalari hamda boshqa talablar bilan tanishtirish; talabalarning korxonadagi faoliyati davomida texnika xavfsizligi va mehnat muhofazasini ta’minlash; talabalarga o‘z ustaviga muvofiq amaliy jarayonlarda qatnashishga ruxsat berish; talabalar kundaligi yuritilishini ta’minlash; oliy ta’lim tashkiloti bilan birgalikda dual ta’lim amalga oshirganligi bo‘yicha hisobotlarni tayyorlash. 34. Oliy ta’lim tashkiloti: korxona bilan birgalikda talabalarni o‘qishga qabul qilingandan so‘ng 1-sentabrga qadar dual ta’lim bo‘yicha tegishli shartnomalarni rasmiylashtiradi; korxona bilan birgalikda tegishli ta’lim yo‘nalish (mutaxassislik)lari bo‘yicha mas’ul vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda tasdiqlangan ta’lim dasturlari asosida dual ta’lim bo‘yicha o‘quv-metodik hujjatlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi; korxona bilan dual ta’lim dasturi davomiyligi hamda talabalarning ro‘yxatini tasdiqlaydi; talaba va korxona o‘rtasida dual ta’lim bo‘yicha tuzilgan shartnomalarni ro‘yxatga oladi; qonunchilik hujjatlariga muvofiq shartnomasi mavjud talabalarni dual ta’lim bo‘yicha guruhlarga qabul qilishni tashkil etadi; dual ta’limni tashkil etish, talabalarni korxonaga yuborish, talabalarning har bir guruhiga mas’ul professor-o‘qituvchini buyruq asosida biriktiradi; dual ta’lim dasturini amalga oshirishni ta’minlaydi;
korxona bilan talabalarni baholashni va yakuniy davlat attestatsiyasini belgilangan tartibda tashkil etadi; dual ta’ldual ta’lim bo‘yicha tegishli vazirliklar va idoralarning buyruqlari va ko‘rsatmalarini o‘z vaqtida bajaradi. Oliy ta’lim tashkiloti qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin. 35. Oliy ta’lim tashkiloti quyidagi huquqlarga ega: dual ta’limning amaliy qismini tashkil etish bo‘yicha korxonaga murojaat qilish; dual ta’lim sifatini oshirish yuzasidan korxonaga takliflar berish; dual ta’lim jarayonini tashkil etish uchun tuzilgan shartnomalarga tomonlar bilan kelishgan holda o‘zgartirishlar kiritish; O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘z nomidan yuridik shaxslar bilan vakolati doirasida dual ta’limni tashkil etish bo‘yicha shartnomalar va boshqa hujjatlar tuzish; dual ta’lim bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan tushgan mablag‘larni belgilangan tartibda sarflash. Oliy ta’lim tashkiloti qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin. 36. Oliy ta’lim tashkiloti o‘z zimmasiga quyidagi majburiyatlarni oladi: dual ta’lim uchun mas’ul professor-o‘qituvchilar faoliyatini nazorat qilish; iqtisodiyot tarmoqlarida kadrlarga bo‘lgan real ehtiyoj asosida dual ta’limni tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni tashkil etish; talabaning amaliyot kundaligini nazorat qilish. Oliy ta’lim tashkilotiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin. 37. Talabalar: korxonaning ustaviga muvofiq ish jarayonlarida belgilangan tartibda qatnashadi; o‘quv mashg‘ulotlarining nazariy va amaliy qismida ishtirok etadi; dual ta’lim jarayoni so‘nggida yakuniy davlat attestatsiyasini topshiradi. Talabalar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin. 38. Talabalar quyidagi huquqlarga ega: tegishli ta’lim yo‘nalishi (mutaxassislik) bo‘yicha bilim olish; o‘quv, texnika jihozlari va vositalaridan, o‘quv (ishlab chiqarish) laboratoriya xonalaridan, axborot resurs markazi o‘quv zali va adabiyotlar fondidan, yordamchi xonalardan, sport majmualari, oliy ta’lim tashkilotiga qarashli tibbiy va texnik jihozlardan bepul foydalanish; korxonada amaliyot bazalaridan, korxonaning moddiy-texnik bazasidan foydalanish; korxonadagi mehnat va jamoat ishlarida qatnashish; dual ta’lim vaqtida korxonadan shartnomaga muvofiq ish haqi olish. Talabalar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin. 39. Talabalar o‘z zimmasiga quyidagi majburiyatlarni oladi: korxona va oliy ta’lim tashkilotida belgilangan tartib va qoidalarga rioya qilish; dual ta’lim jarayonida oliy ta’lim tashkiloti va korxona tomonidan berilgan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish; talaba kundaligini o‘z vaqtida yuritib borish va hisobotlarni topshirish; korxonadagi faoliyati davomida mehnat va texnika xavfsizligi talablariga rioya qilish. Talabalarga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin. 6-bob. Yakunlovchi qoidalar 40. Dual ta’limda ta’lim yo‘nalish (mutaxassislik)lar bo‘yicha to‘lov-kontrakt miqdori bir talabani o‘qitish bilan bog‘liq sarf-xarajatlardan kam bo‘lmagan miqdorlarda tegishli vazirliklar va idoralarning takliflari asosida Vazirlik tomonidan tasdiqlanadi. 41. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Oliy ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga 1-ILOVA Oliy ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish SXEMASI Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Muddatlar
1-bosqich
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari
1. Dual ta’lim tashkil etiladigan korxonalar va oliy ta’lim tashkilotlari bo‘yicha takliflar tayyorlaydi. 2. Takliflarni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga hamda Savdo-sanoat palatasiga kiritadi.
Har yili 1-fevralga qadar
2-bosqich
Savdo-sanoat palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari
Dual ta’lim shaklida talabalarni qabul qiladigan korxonalar imkoniyatlarini o‘rganadi va dual ta’lim tashkil qilinadigan korxonalar ro‘yxatini e’lon qiladi
Har yili 1-iyunga qadar
3-bosqich
Oliy ta’lim tashkilotlari, korxonalar
Dual ta’lim dasturlarini ishlab chiqadi.
Uquv jarayoni boshlanishidan kamida bir oy oldin
4-bosqich
Oliy ta’lim tashkilotlari
Oliy ta’lim tashkilotlarida dual ta’limning nazariy qismini tashkil etadi.
Har yili sentabr oyining birinchi haftasidan boshlab
5-bosqich
Oliy ta’lim tashkilotlari, korxonalar va talabalar
Dual ta’limni amalga oshirish bo‘yicha uch tomonlama shartnoma tuzadi.
Har yili 1-sentabrga qadar
6-bosqich
Korxonalar
1. Dual ta’limning amaliy qismini korxonada tashkil etadi. 2. Talabaga qonunchilik hujjatlariga muvofiq ish haqi to‘laydi.
Uquv yili mobaynida
7-bosqich
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari
1. Dual ta’lim jarayonini muvofiqlashtiradi. 2. Dual ta’lim tashkil qilingan korxonalarda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar doimiy monitoringini yuritadi.
O‘quv yili mobaynida
Oliy ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga 2-ILOVA Oliy ta’lim tashkilotlarida “Kasb egasi” dual ta’lim tizimini tashkil etish SXEMASI Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Muddatlar
1-bosqich
Savdo-sanoat palatasi, oliy ta’lim tashkiloti, korxonalar, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi
1. Savdo-sanoat palatasi ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) korxonalariga dual ta’limni tashkil etish bo‘yicha e’lon beradi.
Har yili 1-mayga qadar
2. Korxonalarning shtat birligi va bo‘sh ish o‘rinlarini Savdo-sanoat palatasining onlayn platformasiga real vaqt rejimida berib boradi.
Doimiy
3. Korxonalarda qo‘shimcha ishchi kuchi va ularning malakasiga bo‘lgan talabni shakllantiradi.
Har yili 20-iyunga qadar
4. Ish o‘rinlari va malaka talablari to‘g‘risida ma’lumotlarni oliy ta’lim tashkilotlari talabalariga yetkazadi.
Har yili 1-iyulga qadar
2-bosqich
Oliy ta’lim tashkiloti, Savdo-sanoat palatasi, korxonalar
1. Amaliy mashg‘ulotlar dasturi, o‘quv jarayoni jadvali va talabalar sonini platformada tasdiqlaydi.
Har yili 15-iyulga qadar
2. Amaliy mashg‘ulotlar dasturi asosida ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislik fanlarining o‘quv dasturlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritadi.
Har yili 1-avgustga qadar
3-bosqich
Savdo-sanoat palatasi, oliy ta’lim tashkiloti, korxonalar, talabalar
1. Oliy ta’lim tashkiloti, korxona va talaba o‘rtasida “Kasb egasi” dual ta’lim tizimi bo‘yicha shartnoma tuziladi.
Har yili 25-avgustga qadar
2. Savdo-sanoat palatasining onlayn platformasi orqali talabalar tomonidan tanlangan ish o‘rinlari bo‘yicha elektron yo‘llanmalarni tegishli korxonaga yetkazadi.
Har yili 1-sentabrga kadar
4-bosqich
Oliy ta’lim tashkiloti
1. Nazariy mashg‘ulotlarni oliy ta’lim tashkilotida tashkil etadi. 2. Nazariy o‘quv mashg‘ulotlarni amaliy mashg‘ulotlar uyg‘unligini ta’minlaydi.
O‘quv jarayoni jadvaliga muvofiq
5-bosqich
Korxonalar
1. Amaliy mashg‘ulotlarni korxonada tashkil etadi. 2. Ish haqini hisoblaydi va Savdo-sanoat palatasi tomonidan taqdim etilgan talabalar ro‘yxatiga asosan to‘laydi.
O‘quv yili mobaynida